Andijon aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi texnik reysni qabul qildi

Andijon xalqaro aeroportida aerodrom rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:30 da Andijon xalqaro aeroporti Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent – Andijon yoʻnalishi boʻyicha birinchi texnik reysini qabul qildi.
Aeroportda rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlandi, uning doirasida aerodrom majmuasining salmoqli qismi, jumladan, uzunligi 3,3 ming metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, 25-dekabrdan Zomin aeroporti hozirda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatgan. Shuningdek, Shahrisabz aeroporti ham 25-martgacha vaqtincha yopilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fargʻona aeroportida S7 Airlines samolyotining qoʻnish moslamasi shikastlangani haqida xabar bergan edi.