2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkalari oshmaydi – prezident

Prezident 2028-yil 1-yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirmasligini aytib o‘tdi. Bu haqda kichik va o‘rta biznes vakillari uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Shuningdek, yangi biznesga «birinchi imkoniyat» tamoyili joriy etiladi. Bu tamoyil bilan yangi tadbirkorlar oyoqqa turib olishi, ish boshlaganining birinchi yilida qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi ilgari suriladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi uch yilda tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan 17,5 ming korxona tugatilgan. Bu bo‘yicha Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarida yangi korxonalar bilan ishlash ko‘rsatkichlari quyi darajada ekanligi ta’kidlandi.
«Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun «javobgarlikdan sug‘urtalangan» bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kichik biznesni tugatish tartibi soddalashtiriladi
Aylanmasi oxirgi uch yilda 10 mlrd so‘mdan oshmagan va soliq qarzi bo‘lmagan korxonalar tekshiruvsiz ixtiyoriy tugatilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2028-yil 1-yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi. Kichik biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga uch yillik moratoriy e’lon qilindi.
Soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagan fermerlarning shu davrgacha yig‘ilib qolgan bir trillion so‘mlik penyasi undirilmaydi.
Xalqaro moliya tashkilotlari kichik biznesni qo‘llab-quvvatlaydi
Osiyo taraqqiyot banki «Moliyaviy ommaboplik» dasturi doirasida kichik va o‘rta biznes uchun $100 mln, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «yashil» va innovatsion loyihalar uchun $200 mln ajratadi. Fransiya taraqqiyot agentligi esa ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga 30 mln yevro yo‘naltiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yig‘ilishda kichik va o‘rta sanoat korxonalari uchun loyiha ofislari ochilishi aytilgani haqida yozgandi.