Apple kompaniyasiga qarshi sun’iy intellekt funksiyalariga oid da’vo arizasi kiritildi

Apple kompaniyasiga qarshi sun’iy intellekt (SI) funksiyalarining mavjudligi va reklama materiallarida koʻrsatilgan va’dalar bilan bogʻliq ravishda sud ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.
Clarkson Law Firm huquqshunoslik firmasi tomonidan Californianing San-Xose shahridagi sudga da’vo arizasi taqdim etilgan. Unga koʻra, kompaniya iPhone 16 telefonlarida mavjud boʻlmagan SI funksiyalarini reklama qilgani uchun ayblanmoqda.
Xususan, Apple oʻzining reklama materiallarida foydalanuvchilarga iPhone telefonlarining SI imkoniyatlaridan foydalangan holda uchrashuvga tayyorlanishi mumkinligini koʻrsatgan. Da’vo ishida Apple bu funksiyalarni faqat qisman taqdim etgani ta’kidlanmoqda. Hozirda kompaniya tomonidan sud jarayoni boʻyicha rasmiy izoh berilmagan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 17 Air portlarsiz taqdim etilishi mumkinligi haqida yozgan edi.