Hibsga olingan sobiq Istanbul meri prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi

23-mart kuni Turkiyada muxolifatdagi Respublikachilar partiyasining deyarli 15 mln ishtirokchisi Istanbulning hibsga olingan meri Akram Imomo‘g‘lini prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda partiya rahbari O‘zg‘ur O‘zel e’lon qilgan.
O‘zelning so‘zlariga ko‘ra, ushbu natija amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an legitimligini shubha ostiga qo‘yib, muddatidan avvalgi saylovlarni muqarrar qiladi.
Shu kuni Istanbulda minglab muxolifat tarafdorlari shahar meriyasi oldida to‘planib, hibsga olingan Akram Imomo‘g‘liga nisbatan bosim siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilayotganiga norozilik bildirishdi.
«Imomo‘g‘li bir tomondan qamoqda, boshqa tomondan esa prezidentlik sari yo‘l oldi», – dedi O‘zg‘ur O‘zel mitingda.
Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnash kelgan va barrikadalar qurishga uringan. Natijada 66 kishi hibsga olinib, besh nafar politsiyachi jarohatlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiya namoyishlarni toʻxtatish maqsadida Istanbulga sayohat cheklovlarini joriy qilgani haqida yozgandi.