Oltin bozori Trampning bojlar boʻyicha qarorini kutmoqda

AQShga tovar importi uchun boj toʻlovlari kutilayotgan bir paytda oltin narxi jahon bozorida barqarorlashdi, deb xabar bermoqda Reuters.
Ta’kidlanishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp aprel oyi boshida tariflar toʻgʻrisidagi farmonni imzolashni va’da qildi. Bozor ishtirokchilari kelajakdagi savdo cheklovlarini turlicha baholamoqda.
Ba’zilar bojlarning tezkor joriy etilishi va Amerika rahbarining keskin ritorikasiga e’tibor qaratmoqda. Boshqalar esa cheklovlar tanlab qoʻllanilishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Soʻnggi oʻn kun ichida oltin narxlari bir troya unsiya uchun $3 mingdan biroz yuqoriroq darajada barqarorlashdi. Koʻpchilik yirik tahlilchilar qimmatbaho metallar narxining oʻsish imkoniyatini koʻrishmoqda, biroq yengilroq savdo cheklovlari yoki Federal zaxira tizimining (FZT) qat’iy choralari tufayli narx tuzatilishidan xavotirda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UBS investitsiya banki oltin narxining bir troya unsiyasi uchun $3,2 minggacha koʻtarilishini taxmin qilayotgani haqida ma’lumot bergan edi.