Fuqarolarga avtomobil xaridi va servis xizmatlari bo‘yicha 705 mln so‘m qaytarildi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan yengil avtomobillarni xarid qilish va servis xizmatlaridan noroziligi yuzasidan iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida ushbu yo‘nalishda 154 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 106 tasi (68,8%) qanoatlantirilgan, 36 tasiga (23,4%) tushuntirish berilgan va 11 tasi vakolatli organlarga yuborilgan.
Natijasida iste’molchilarga 705,3 mln so‘m pullari qaytarib berildi. Bundan tashqari, sifatsiz deb topilgan 6 ta avtomobil yangisiga almashtirildi.
Jumladan, Toshkent shahridagi Pronto Motor Trade avtosalonidan fuqaro Tracker-2 TRK Redline avtomobilini sotib olgan, biroq mashinada nuqsonlar aniqlangan. Qo‘mita aralashuvi bilan 253,4 mln so‘mlik avtomobil yangi va sifatlisiga almashtirib berildi.
Shuningdek, yana bir iste’molchi YAS-Petroleum Trade avtosalonidan LIXIANG L9 modelini xarid qilgan, biroq avtomobilda nuqson chiqqan. Natijada, 69,3 mln so‘mlik ta’mirlash xizmati bepul amalga oshirib berilgan.
Toshkentdagi BYD Rohat servis markazida fuqaro avtomobilini ta’mirlatish jarayonida xizmat haqi asossiz oshirilganidan norozi bo‘lgan. O‘rganishlar natijasida 12,7 mln so‘mlik ta’mirlash xizmati iste’molchiga bepul amalga oshirilishiga erishilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Cobalt avtomobilini ishlab chiqarish 21,1 foizga oshgani haqida yozgandi.