O‘zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
Eksklyuziv huquq bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

Shu yilning 1-aprelidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquq beriladi. Bu huquq muddati 3 yildan oshmasligi belgilandi. Huquq konstitutsiyaviy tuzum va xavfsizlikni ta’minlashga qaratiladi.
Shuningdek, tabiiy ofatlar va epidemiyalarning oldini olish ko‘zda tutilgan. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, eksklyuziv huquq tan olinadi. Xo‘jalik subyektlariga maxsus tovarlar ishlab chiqarish huquqi beriladi.
Shu bilan birga, ayrim xizmatlarni ko‘rsatish va sotish huquqi beriladi. Ayrim subyektlarning eksklyuziv huquqlari ham bekor qilinadi.

1-apreldan boshlab import qiluvchilar va transport kompaniyalari tovarlarni Yevropa Ittifoqiga (YeI) import qilish uchun elektron deklaratsiyalarini oldindan taqdim etishlari shart.
Qoidalar YeIga avtomobil va temir yoʻl orqali olib kiriladigan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi. Bu tranzit yuklarga ham tegishli.
Elektr energiyasi va gaz narxi oʻzgaradi

1-apreldan elektr va gaz tariflari oshiriladi. Oldinroq, yoqilgʻi-energetika resurslarining 2024-2025-yillarda bosqichma-bosqich oʻzgaradigan yangi narxlari hamda 2024-yilning 1-may sanasidan eʼtiboran, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlari tasdiqlangandi.
Shuningdek, 1-apreldan narxlar quyidagicha oshadi:
Elektr energiyasi
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan tarzda elektr plitalar bilan jihozlangan koʻp qavatli uylardagi xonadonlar va yotoqxonalar uchun ijtimoiy meʼyor doirasida, yaʼni oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi 300 soʻmdan yetkazib beriladi. Meʼyordan oshganda tabaqalashgan tariflar oyiga 201 kVt/soatgacha 1000 kVt/soatgacha 500 soʻm, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 750 soʻm, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 875 soʻm, 10 000 kVt/soatdan keyin 1000 soʻmni tashkil etadi.
Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun ijtimoiy meʼyor doirasidagi (oyiga 200 kVt/soatgacha) tarif 600 soʻm boʻladi. Oyiga 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 1000 soʻm, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1500 soʻm, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1750 soʻm, 10 000 kVt/soatdan keyin 2000 soʻmni tashkil etadi.
Tabiiy gaz
Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun ijtimoiy meʼyor doirasida, yaʼni oyiga 500 kub metrgacha boʻlgan tabiiy gaz isteʼmoli uchun tarif 1 kubometr uchun 1000 soʻmni tashkil etadi. Oyiga 500 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1800 soʻm, 2500 kubometrdan 5000 kubometrgacha 2100 soʻm, 5000 kubometrdan 10 000 kubometrgacha 2500 soʻm, 10 ming kubometrdan keyin 3000 soʻmlik tarif amal qiladi.
Mart–oktyabr oylarida esa tariflar ijtimoiy meʼyor doirasida, yaʼni oyiga 100 kubometrgacha 1000 soʻm, 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha 1800 soʻm, 2500 kubometrdan 5000 kubometrgacha 2100 soʻm, 5000 kubometrdan 10 000 kubometrgacha 2500 soʻm, 10 ming kubometrdan keyin 3000 soʻmni tashkil etadi.
Ayrim qogʻoz shaklidagi ma’lumotnomalar bekor qilinadi

Nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik va o‘quvchilik guvohnomalari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarning guvohnomalari «Ijtimoiy karta»ga almashtirish mumkin bo‘ladi.
Farmatsevtika va tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar QQS to‘laydi

Qonunchiligiga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar daromadidan qat’i nazar QQS to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, sotilgan dori vositalari va tibbiy xizmatlar bo‘yicha berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi yoki virtual kassa cheklari, elektron hisobvaraq-fakturalar hamda boshqa ichki va tashqi ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan QQS bo‘yicha hisobotlar avtomatik shakllantirib boriladi.
Ijtimoiy yordam taqsimoti tartibi o‘zgaradi

Unga ko‘ra, «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari orqali ajratiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etiladi.
Soliq tekshiruvlari yangi tartibda o‘tkaziladi

1-apreldan boshlab soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tekshiruvlar yangi tartibda amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, soliqqa oid huquqbuzarlik birinchi marta aniqlanganda, tadbirkorga ogohlantirish beriladi. Uch kun ichida huquqbuzarlik bartaraf etilmasa yoki takroran sodir etilsa, bu sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish uchun asos bo‘ladi. Sayyor soliq tekshiruvi 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi va Biznes-ombudsmanga bu haqda xabar beriladi.
Yetkazib beruvchilar ro‘yxatiga ariza topshirish tartibi o‘zgaradi

Yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar berish shakli osonlashdi. Arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali qabul qilinadi.
Shuningdek, arizalarni YIDXP orqali muntazam shaklda, 24 soat davomida yuborish mumkin. Arizani ko‘rib chiqish natijalari davlat xaridlari maxsus axborot portalida ochiq e’lon qilinadi.
Adliya organlari xodimlari uchun yangi tartib joriy etiladi

1-apreldan boshlab, Adliya organlari xodimlariga navbatdagi martaba darajalari institutning maxsus malaka oshirish kurslarini tamomlagandan soʻng beriladi. Yuridik kadrlar uchun bilim va koʻnikmalarni oshirishga yoʻnaltirilgan kredit-modul tizimi joriy qilinadi.
Tijorat banklarida omonat stavkalarining pasayishi boshlandi

1-apreldan boshlab barcha tijorat banklarida omonat stavkalari pasayishda davom etadi. So‘mda ochilgan omonatlarning maksimal foizi esa 23% dan oshmaydi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 1-martdan nimalar o‘zgargani haqida yozgandi.