Toshkent shahar FVB boshlig‘i o‘rinbosari korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olindi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) boshlig‘i o‘rinbosarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur mansabdor shaxsning o‘z lavozim vakolatlaridan foydalanib, pora olgani aniqlangan.
U Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan binolarning eskiz loyihalarini tasdiqlash, yong‘indan avtomatik ogohlantiruvchi qurilmalar bo‘yicha dalolatnomalarni imzolash hamda yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan obyektlarga ijobiy xulosa berish evaziga tamagirlik qilgan.
Eng achinarlisi, pora evaziga ruxsat berilgan obyektlar orasida umumiy o‘rta ta’lim maktabi va tibbiyot muassasasi ham borligi qayd etilgan.
Mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan milliy gvardiya tizimiga ishga kiritish bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etilgani haqida xabar bergan edi.