Shahrisabz aeroporti oʻz faoliyatini tikladi

26-mart kuni Shahrisabz aeroporti ikki haftalik tanaffusdan soʻng muntazam yoʻlovchi qatnovlarini qabul qilishni boshladi. Bu haqda Uzbekistan airports maʼlum qildi.
Shahrisabz aeroportining havo qatnovini Silk Avia kompaniyasining US721 reysi ochib berdi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:17 da aeroportga qoʻndi.
13-mart kuni Shahrisabz aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagida kapital taʼmirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi.
«Uzoq muddatli foydalanishdan keyin uchish-qoʻnish yoʻlagi sirti mustahkamlanib, yangi asfalt bilan almashtirilgan. Yurish yoʻlagini taʼmirlash ishlari ham yaqin vaqt ichida yakunlanadi» — deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Andijon aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi texnik reysni qabul qilgani haqida yozgan edi.