Ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

27-mart kuni qabul qilingan yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Endilikda, shaxs ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish ko‘nikmalarini egallash, shu jumladan, qurol-yarog‘, portlovchi moddalar va boshqa xavfli vositalardan foydalanishni o‘rganish maqsadida o‘quv kurslaridan o‘tgan bo‘lsa, u quyidagi tartibda javobgarlikka tortiladi:
- 300 dan 600 baravargacha BHM miqdorida jarima, yoki
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud
- 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi.
Biroq, agar shaxs o‘quvdan o‘tganligi haqida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar berib, jinoyatni fosh etishga yoki tashkilotchilarni aniqlashga faol ko‘maklashsa, u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan shaharsozlik qonunbuzarliklari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.