Jahon bozorida neft narxi bir foizdan ko‘proqqa oshdi

8-aprel kuni neft narxlari 1 foizdan ortiq ko‘tarildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur holat o‘tgan haftadagi kuchli pasayishdan so‘nggi tiklanish bo‘ldi. Narxlar pasayishiga AQShning yangi boj tariflari global iqtisodiyotda inqiroz keltirib chiqarishi va neftga bo‘lgan talabni kamaytirishi haqidagi xavotir sabab bo‘lgan edi.
Brent neftining bir barreli 65,02 dollarni, WTI nefti esa 61,61 dollarni tashkil etdi. Tahlilchilarga ko‘ra, agar narxlar 60 dollardan pastga tushsa, ishlab chiqaruvchilar sarmoyani qisqartirishi mumkin, bu esa narxlar uchun tabiiy «quyi chegarani» yaratadi. Shu bilan birga, tariflar yuzasidan Xitoy va AQSh o‘rtasidagi keskinlik global bozorlarga bosimni saqlab turmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Brent neftining narxi $69 dan pastga tushgan edi.