Tramp migrantlarga kuniga $998 jarima solmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp deportatsiya buyrug‘iga bo‘ysunmay, mamlakatni tark etmagan muhojirlarga kuniga $998 miqdorida jarima solishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu choralar 1996-yilda qabul qilingan, ammo kam qo‘llanilgan qonun hisoblanadi. Jarimalar besh yil orqaga qarab ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, ayrim hollarda umumiy jarima miqdori $1 mlndan oshishi ehtimoli bor.
Agar muhojirlar jarimalarni to‘lamasa, ularning mol-mulki musodara qilinadi. Tramp ma’muriyati migrantlarga maxsus mobil ilova orqali mamlakatni ixtiyoriy tark etishni talab qilmoqda. Aks holda ular og‘ir moliyaviy jazolarga duch kelishlari mumkin.
Mutaxassislar bunday chora-tadbirlar migrant oilalariga, ayniqsa, kam daromadli qatlamga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, bu siyosatni tanqid qilayotganlar hukumatning asl maqsadi qonunni emas, balki qo‘rquvni kuchaytirish ekanini aytishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Xitoyga 50 foizlik yangi bojlar bilan tahdid qilgani haqida yozgan edik.