O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish bitimiga qo‘shildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Prezident qonuniga asosan
Foto: Today.kz

9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonunga asosan, O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini (YTB) ta’sis etuvchi xalqaro bitimga qo‘shildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Mazkur hujjat joriy yil yanvar oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, mart oyida Senat tomonidan ma’qullangandi. Bitimga ko‘ra, YTB o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq va bank amaliyotining umume’tirof etilgan tamoyillariga muvofiq olib boradi.

Hujjatga ilova sifatida bank nizomi ham tasdiqlangan bo‘lib, unda bankning maqsad va vazifalari, funksiyalari, ustav kapitali, obuna shartlari hamda boshqaruv tartib-qoidalari belgilab qo‘yilgan.

YTB a’zo davlatlarning iqtisodiy va moliyaviy holati, investitsiya salohiyati, pul-kredit va valyuta siyosati hamda bank qonunchiligi bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumot uchun, 2006-yil 12-yanvarda Ostona shahrida qabul qilingan bitim, ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va investitsiyalar orqali iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishni maqsad qilgan.

Avvalroq «Kursiv» Senatning beshinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB)ni ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilgani haqida yozgandi.

Shuningdek