Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasi bilan sheriklik masalalarini muhokama qildi

Bugun, 10-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Jahon banki guruhining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlab rasmiy vakil Jahon banki prezidenti Ajay Banganing salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon banki bilan strategik hamkorligini yanada rivojlantirish, ayniqsa, bank tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Kelgusi sheriklikda kambag‘allikka qarshi kurashish, turizm sohasida xotin-qizlar va yoshlarga ish o‘rinlari yaratish, davlat-xususiy sheriklik hamda xususiy sektorni rivojlantirish va davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Jahon bankining eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Loyihalar portfeli $12 mlrddan oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Toni Bler bilan sarmoya va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgani haqida yozgandi.