OpenAI o‘z missiyasidan chetga chiqdi – Ilon Mask

OpenAI kompaniyasi va uning hammuassisi Ilon Mask o‘rtasida yirik huquqiy mojaro avj olmoqda. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 9-aprel kuni OpenAI Maskga qarshi javobiy da’vo kiritib, uni kompaniyaning missiyasiga zarar yetkazishda va sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘z manfaatiga egallashga urinishda aybladi.
Mask esa OpenAI o‘zining dastlabki – insoniyat foydasi uchun xavfsiz sun’iy intellekt yaratish missiyasidan chetga chiqqanini da’vo qilmoqda. Mojaro OpenAI’ning notijorat maqomidan tijorat tuzilmasiga o‘tishi bilan bog‘liq.
Regulyatorlar va jamoatchilik vakillari ham bu jarayonni tanqid ostiga olishmoqda. OpenAI esa o‘z navbatida, bu o‘zgarish orqali sog‘liqni saqlash, ta’lim va fan sohalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik xayriya jamg‘armasi tuzilishini ta’kidlamoqda.
Bu sud jarayoni nafaqat OpenAI kelajagini, balki butun sun’iy intellekt sohasining taraqqiyotini belgilab berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekran va tugmalarsiz sun’iy intellektli qurilma yaratilayotgani haqida yozgan edik.