Tojikistonda sodir boʻlgan zilzila oqibatida yuzga yaqin uy vayron boʻldi

13-aprel kuni sodir boʻlgan zilzila oqibatida Tojikistonning Rasht va Tojikobod viloyatlarida 94 ta turarjoy binosi toʻliq vayron boʻlgan. Bu haqda Tojikiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Geofizika xizmati ma’lumotlariga koʻra, 5-6 balli silkinishlar soat 09:24 da qayd etilgan. Zilzila epitsentri Dushanbe shahridan 160 km shimoli-sharqda, Rashtdan 21 km uzoqlikda joylashgan. Dushanbeda 3 ballga yaqin yer silkinishi sezilgan.
Rasht viloyatida 40 ta turarjoy binosi vayron boʻlgan, yana 5 tasi qisman shikastlangan. Tojikobod tumanida 54 ta uy toʻliq, 45 tasi qisman, yana 61 ta binoga esa kichik zarar yetgan.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon topshirigʻiga koʻra maxsus hukumat komissiyasi tuzilib, zararni baholash va oqibatlarini bartaraf etishni muvofiqlashtirish uchun jabrlangan hududlarga safar qilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 14-aprel Toshkent vaqti bilan soat 05:45:02 da Tojikistonda zilzila sodir boʻlgani haqida yozgan edi.