Turkiyalik fuqaro UzAirways ustidan shikoyat qildi

Turkiyalik fuqaro Uzbekistan Airways aviakompaniyasining xizmat ko‘rsatish sifatidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasiga murojaat yo‘llagan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, turkiyalik fuqaro murojaatida Anqara – Toshkent yo‘nalishidagi parvozda sog‘lig‘i uchun muhim bo‘lgan glyutensiz ovqat taqdim etilmagani, samolyot salonining sanitariya holati talabga javob bermaganini yozgan. Yo‘lovchi chipta xarid qilish vaqtida sog‘lig‘i bilan bog‘liq talablarini aviakompaniyaga oldindan bildirgan va glyutensiz ovqat kafolatlangan bo‘lsa-da, bu talab bajarilmagan.
Qo‘mita tomonidan yuborilgan so‘rovga asosan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlarida yo‘lovchi bildirgan holatlar haqiqatga to‘g‘ri kelishi tasdiqlandi. Maxsus ovqat Anqara aeroportidagi keytering xizmati tomonidan yetkazib berilmagani aniqlangan.
Natijada yo‘lovchining moddiy va ma’naviy zararini qoplash maqsadida aviakompaniya unga keyingi reysda bepul biznes-klass xizmatini taqdim etishini bildirdi. Shuningdek, samolyot salonidagi sanitariya-gigiyena holati bo‘yicha mas’ul tashkilotga nisbatan qo‘shimcha nazorat choralarini kuchaytirish belgilanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi tomonidan mevali ko‘chatlar sotuvchi platforma nomi noqonuniy deb topilgani haqida yozgandi.