Andijon aeroportida yiliga 3,7 mingta parvozlar amalga oshiriladi

eʼlon qilindi
Prezident aeroportda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi
Andijon aeroporti
Andijon aeroportida yiliga 3,7 mingta parvozlar amalga oshiriladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 15-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi davomida Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Unga ko‘ra, hozirda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu bosqichda uzunligi 3,3 ming metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Yer osti suvlari qochirilib, drenaj tizimi yangilandi. Shuningdek, IKAO CAT-II talablari bo‘yicha radar, meteorologiya va yoritish uskunalari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu yangilanishlar tufayli Andijon aeroporti Boeing va Airbus kabi yirik samolyotlarni noqulay ob-havo sharoitida ham qabul qila oladi. Natijada parvozlar soni kuniga 10 barobargacha oshadi.

Keyingi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish rejalashtirilgan. Buning natijasida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 tadan mingtaga, yiliga amalga oshiriladigan parvozlar soni esa 584 tadan 3,7 mingtaga yetkaziladi.

Ayni paytda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida muntazam reyslar amalga oshirilmoqda. Prezident mazkur aeroportda xizmatlar sifatini oshirish, parvoz narxlarini arzonlashtirish va xalqaro qatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ma’lumot uchun, aeroport 1978-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi zamonaviy talablar darajasiga javob bermay qolgandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi yuk ko‘tarish quvvatining pastligi, yoritish tizimining yo‘qligi sababli parvozlar soni cheklangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi texnik reysni qabul qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek