YeTTB UzCarlsberg’ga $6 mlnlik kredit ajratadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistondagi pivo ishlab chiqaruvchisi UzCarlsberg kompaniyasiga $6 mln (5,7 mln yevro)gacha bo‘lgan aylanma mablag‘lar uchun kredit ajratadi.
UzCarlsberg 2022-yildan buyon YeTTB mijozlaridan biri bo‘lib, bu safargi kredit mablag‘lari asosan ingredientlar va qadoqlash materiallari xaridiga, shuningdek, mavsumiy talabning oshishi fonida zaxiralarni samarali boshqarishga yo‘naltiriladi. Loyiha Yaponiyadagi YeTTB hamkorlik jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, YeTTB bugungi kunga qadar O‘zbekiston bo‘yicha 174 ta loyiha doirasida 5,5 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ sarmoya kiritgan bo‘lib, ularning katta qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Respublika so‘nggi besh yil davomida Markaziy Osiyoda YeTTB mablag‘larining asosiy oluvchisi bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xalqaro moliya institutlari O‘zbekistondagi loyihalarga $1,5 milliard ajratishi haqida xabar bergan edi.