Yangi qurilayotgan obyektlarga QR-kodli pasport beriladi

Shu yilning 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda har bir qurilayotgan obyekt uchun QR-kodli pasport joriy etiladi. Bu jarayon prezident farmoniga asosan amalga oshiriladi.
Bu tizim orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddatlari, hujjatlar va ekspertiza xulosalari kabi muhim ma’lumotlarga tezroq ega bo‘lish mumkin.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda joylar va yerto‘lalarni qayta qurish yoki rejalashtirishda qurilish me’yorlarini buzgan holda konstruktiv qismlar va tayanch devorlarni o‘zgartirish, buzish, yoki binoning zilzilabardoshliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan harakatlar qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, 1-iyuldan yana quyidagi yangi tartibotlar joriy etiladi:
- ichimlik suvi va oqova suv tizimi obyektlari majburiy texnologik auditdan o‘tkaziladi;
- qurilish obyektlarini onlayn tarzda kuzatuvchi markazlar hududiy inspeksiyalarda bosqichma-bosqich tashkil etiladi;
- Qashqadaryo viloyatida Davlat byudjeti hisobidan quriladigan obyektlarga videokameralar o‘rnatish tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yiladi;
- qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida nazoratni kuchaytirish maqsadida mobil videokameralar (bodikamera) va planshetlardan foydalaniladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan shaharsozlik qonunbuzarliklari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilgani haqida yozgandi.