Xonobodda 92 gektar maydonda sayyohlik markazi tashkil etiladi

Xonobod shahridagi Kampirovot mahallasida 92 gektar maydonda sayyohlik markazi quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan Andijon viloyatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Xoʻjaobod va Buloqboshi shaharlarida ham 1 mln sayyohni jalb etadigan shunday markazlar ochilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari mahalliy masʼullarga bosh rejalar tayyorlash, infratuzilma bilan bogʻliq masalalarni hal etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, yil oxirigacha umumiy qiymati $125 mln boʻlgan 25 ta turizm loyihasini yakunlash, 3,5 mln sayyohni jalb etish boʻyicha zarur ishlar qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri oʻtgan yilda Andijonda kambagʻallik 11,9 foizdan 9,5 foizga pasaygani haqida yozgan edi.