Har yili dekabrda «Prezident Olimpiadasi» sport musobaqalari o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ijtimoiy xizmatlar markazida sport sohasi va olimpiya harakatiga oid taqdimotni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 10 mlndan ortiq aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda. Endi bu ko‘rsatkichni 15 mlnga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda «Mahalla ligasi», «Maktab ligasi», «Talabalar ligasi», «Vazir kubogi» va «Kasaba uyushmalari kubogi» kabi musobaqalar tashkil etiladi.

Hududlardagi 254 ta sport maktabi va 56 ta ixtisoslashtirilgan olimpiya sport maktabi milliy terma jamoalar uchun zaxira sifatida shakllantiriladi.

Yosh sportchilar «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» musobaqalari orqali saralanadi. Viloyat bosqichi g‘oliblari dekabrda bo‘ladigan «Prezident Olimpiadasi»da qatnashib, uy, avtomobil kabi sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Eng yuqori natijalarni ko‘rsatganlar Respublika olimpiya va paralimpiya markazlariga qabul qilinadi.
Eslatib o‘ytamiz, avvalroq prezident Andijonda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishgan edi.