Endi $200 ming to‘lov evaziga O‘zbekistonda 5 yillik yashash guvohnomasi beriladi

Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda 5 yilga beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 1-iyundan boshlab, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmaganlarga $200 ming hamda har bir oila a’zosiga $100 ming to‘lov evaziga 5 yillik yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-oktabrdan O‘zbekistonga olib kiriladigan oq shakar (xushbo‘ylantiruvchi va rang beruvchi qo‘shimchalarsiz) aktsiz solig‘idan ozod qilinadi.
20 nafar va undan ortiq ishchisi bo‘lgan yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘i hamda ijara to‘lovlarini 2025-yil 15-iyul va 1-dekabr kunlari bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.
Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar to‘lagan QQSning bir qismini qaytarib olish uchun, ularning daromadining kamida 80 foizi aynan shu xizmatlardan tushgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, sanoat korxonalarini ekologik jihozlar bilan ta’minlash muddati uzaytirildi: I toifa uchun – 2026-yil 1-yanvargacha, II toifa uchun – 2026-yil 1-iyulgacha.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq umummilliy birdamlik bog‘lari tashkil etilishi haqida yozgan edik.