Bloomberg nashri O‘zbekistonda QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Dunyoning yirik xususiy media va moliyaviy axborot kompaniyalaridan biri – Bloomberg LP O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi ma’lum qildi.

Bloomberg LP bu moliya va biznes sohasidagi eng yirik tahliliy platforma, axborot terminali, dasturiy vositalar va media xizmatlarini taqdim etuvchi Amerika kompaniyasidir. Kompaniya 1981-yilda AQShda Maykl Blumberg tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 70 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil boshidan beri O‘zbekistonda 9 ta yangi xorijiy internet-kompaniya soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, umumiy hisobda bu ko‘rsatkich 69 taga yetdi.
Avvalroq «Kursiv» OpenAI kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lashi haqida yozgandi.