Tovarlarni bojsiz olib kirish normasi qisqarish sababi ochiqlandi

eʼlon qilindi
2024-yilda O‘zbekistonga 5,7 mlndan ortiq kuryerlik jo‘natmalari kelgan
Foto: Bojxona qo‘mitasi

Bojxona qo‘mitasi 2025-yil 1-maydan kuchga kiradigan yangi tartib bo‘yicha tushuntirish berdi.

Endilikda jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni quyidagi miqdorlarda bojsiz olib kira oladi: havo transportida – $1000 (ilgari $2000), temir yo‘l va daryo transportida – $500 (ilgari $1000). Avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida esa $300 lik norma o‘zgarishsiz qoladi.

Yangi tartib bo‘yicha, agar fuqaro xorijiy davlatda 2-3 kundan kam bo‘lgan bo‘lsa, bojsiz olib kirish huquqi bekor qilinadi. Bu xalqaro amaliyotga, jumladan AQSh, Turkiya, Braziliya kabi mamlakatlar tajribasiga asoslanadi.

Boj to‘lovlari suiiste’mol qilinayotgani kuzatilmoqda. Ayrim shaxslar bir oyda 100 martagacha chegarani kesib o‘tib, tijorat tovarlarini «shaxsiy ehtiyoj» niqobi ostida olib kirgan. 2024-yilda 600 nafarga yaqin fuqarolar bu kabi holatlarda javobgarlikka tortilgan.

Kuryerlik xizmatlari orqali olib kiriladigan tovarlar uchun ham o‘zgarishlar joriy qilindi. Endilikda bir oyda $200 gacha bo‘lgan tovarlar bojsiz olib kiriladi (ilgari bir chorakda $1000 edi). Bu xorijiy davlatlardagi me’yorlarga yaqinlashtirildi: Xitoyda – $288 , Janubiy Koreyada – $150, Turkiyada – $79 .

2024-yilda O‘zbekistonga 5,7 mlndan ortiq kuryerlik jo‘natmalari kelgan, umumiy qiymati 167 mln dollarga teng. Ayrim jo‘natmalar vafot etgan yoki bu haqda umuman bexabar bo‘lgan fuqarolar nomiga yuborilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-maydan jismoniy shaxslarga chetdan tovar olib kirish tartibi o‘zgargani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek