2025-yilda $42 milliard investitsiya jalb qilinadi

Shavkat Mirziyoyevga investitsiya sohasida joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning faol tashqi siyosati va qulay ishbilarmonlik muhiti evaziga investitsiyalar hajmi izchil o‘smoqda. 2025-yilning dastlabki uch oyida $8,7 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga oshgan.
Mazkur sarmoyalar energetika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va ijtimoiy sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy samaradorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yilning birinchi yarmi yakunida $18 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Umumiy hisobda esa 2025-yil davomida $42 mlrd sarmoya jalb etilib, minglab yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi.
Shuningdek, har bir loyiha bo‘yicha manzilli yondashuvni kuchaytirish, barcha darajadagi mas’ullarni faol jalb etish va investorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Sanoatni rivojlantirish, diversifikatsiya qilish va daromadli ish o‘rinlarini yaratish esa asosiy maqsad sifatida belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga aylantirilishi haqida yozgan edik.