Restoranlarda o‘zbek tilidagi taomnomalar yo‘qligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ovqatlanish shoxobchalarida mijozlarga o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatilmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Raqobat qo‘mitasi bu murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
Natijada ularda taomnomalar faqat xorijiy tillarda — rus, ingliz, turk, xitoy tillarida taqdim etilayotgani aniqlandi. Jumladan Basri Baba turk taomlari restoranining taomnomasi faqat turk tilida bo‘lgani aniqlanib, xo‘randalarda noqulaylik tug‘dirgani qayd etildi. Natijada taomnoma davlat tilida ham tayyorlandi.
Shuningdek, China Chuan Chuan xitoy taomlari restoranida mijozlarga xorijiy tillarda murojaat qilinayotgani yuzasidan murojaat o‘rganildi. Endilikda bu yerda o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyat yuritmoqda, taomnomalar esa davlat tiliga tarjima qilindi.
Shu bilan birga, Bon! kafesining 26 ta shoxobchasida xizmatlar rus tilida ko‘rsatilayotgani aytilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, taomnomalar endilikda xo‘randalar talabiga ko‘ra o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilmoqda.
CakeLab qandolat restorani tarmoqlarida ham rus tilidagi taomnomalar bo‘yicha tanqidiy murojaatlar asosida mas’ullar ishtirokida holat o‘rganildi va taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda o‘zbek tilida taomnomasi bo‘lmagan ovqatlanish maskaniga ish qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.