Musodara qilingan yer maydonlari uchun to‘lanadigan kompensatsiyalar soliqqa tortilmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi soliq va tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun hujjatida soliq sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida javobgarlik kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, soliq, yig‘im va majburiy to‘lovlardan bo‘yin tovlash uchun sanksiyalar qat’iylashtiriladi.
Shu bilan birga, agar soliq buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq qoplanadigan bo‘lsa, shaxslar javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi belgilangan.
Dastlabki tergovoldi surishtiruvi va tergov jarayonlariga oid vakolatlar ham aniq belgilab berilgan. Bundan tashqari, soliq buzilishi aniqlanganda, tergov organlari hisobidan budjetga o‘tkazilmaguncha, hisoblangan qo‘shimcha to‘lovlarga penya hisoblanmaydi.
Qonun loyihasining ikkinchi o‘qishida kiritilgan muhim o‘zgartirishlardan biri – davlat ehtiyojlari uchun yer maydonlari olib qo‘yilganda to‘lanadigan kompensatsiyalar soliqqa tortilmasligi. Deputatlar bu norma soliq tushumlarining barqarorligini ta’minlash va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun teng sharoitlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlarni bo‘lib to‘lash muddatlari ma’lum qilingani haqida yozgandi.