2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi

2025-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi bo‘yicha PF-70-sonli prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, 30 trln so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish, kamida 10 trln so‘m daromad ta’minlash, 115 ta korxona ustav kapitalidagi ulushlar, 659 ta ko‘chmas mulk obyekti va 6,1 ming gektar yer savdoga chiqarilishi belgilandi.
Shuningdek, dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma koni va uchastkalaridan foydalanish huquqi savdoga qo‘yiladi. 2030-yil 1-yanvargacha davlat ishtirokidagi yangi korxonalarni tashkil qilishga moratoriy joriy etiladi.
Maydoni 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulki obyektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga 5 yil muddatga tekin foydalanishga beriladi va shartnomaga muvofiq to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi. Uzoq vaqt davomida sotilmagan ko‘chmas mulklar esa boshqa yuridik shaxslar ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi. Bozorlar va savdo majmualarida davlat ishtirokiga qo‘yilgan talab bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Xorijda ish» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga subsidiya va kompensatsiyalar ajratilishi haqida yozgan edik.