Endi banklar kredit qarz yukini 50 foizdan oshirmaydi

«Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra mazkur hujjat banklar, jumladan mikromoliya banklari tomonidan jismoniy shaxslarga beriladigan kreditlar yuzasidan amal qilinishi lozim bo‘lgan normativ va cheklovlarni belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, banklarga qarz yuki ko‘rsatkichi, kreditning garovga nisbati hamda kreditlar bo‘yicha to‘planganlik (konsentratsiya) koeffitsiyentlari kabi asosiy makroprudensial ko‘rsatkichlar joriy etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, banklar mijozga kredit berganida, uning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi lozim. Shuningdek, kredit bo‘yicha foizlar va boshqa to‘lovlar yig‘indisi asosiy qarzga nisbatan kunlik 0,25 foizdan oshmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklar tasarrufidagi aksiyalar ommaviy savdoga chiqarilishi haqida yozgan edik.