O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga o‘sdi – Xalqaro valyuta jamg‘armasi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga oid 2025-yilgi IV-moddadagi missiyasining dastlabki yakuniy bayonotini e’lon qildi. Unda mamlakat iqtisodiyotidagi so‘nggi o‘zgarishlar, istiqbollar va xavf-xatarlar atroflicha tahlil qilindi.
Bayonotga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 6,5 foizga o‘sdi. Bu asosan ichki talabning kuchliligi, yuqori oltin narxlari, xorijdan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari va oltindan tashqari eksport hajmining oshishi bilan izohlanadi. Davlat budjeti defitsiti 3,2 foizga qisqargan, bu esa energiya subsidiyalarining kamaytirilishi va ijtimoiy xarajatlarning aniq yo‘naltirilgani bilan bog‘liq.
Biroq inflyatsiya hali hanuz yuqori bo‘lib, 2025-yil mart oyida 10,3 foizni tashkil etdi. XVJ prognozlariga ko‘ra, 2025 va 2026-yillarda iqtisodiy o‘sish 6 foiz atrofida bo‘ladi, inflyatsiya esa 8 foizdan biroz yuqori darajaga pasayishi mumkin.
XVJ O‘zbekiston hukumatining fiskal intizomga, soliqqa oid islohotlar va davlat korxonalarini isloh qilishga bo‘lgan intilishini olqishladi. Shu bilan birga, hukumatdan tashqi qarz limitlariga qat’iy rioya qilish, oltin narxlariga bog‘liq budjet xarajatlarining oldini olish, davlat xarajatlarini samarali boshqarish va xususiy sektor faoliyatini qo‘llab-quvvatlash taklif etildi.
Jamg‘arma O‘zbekistonni inflyatsiyani jilovlashda qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga, markaziy bankning mustaqilligini mustahkamlashga va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq faktoring tashkilotini ochmoqchi bo‘lganlar Markaziy bankdan ruxsat olishi lozimligi haqida yozgan edik.