O‘zbekistonlik erkak Istanbuldagi zilzila vaqtida vafot etdi

2025-yil 23-aprel, chorshanba kuni Istanbulda yuz bergan zilzila vaqtida O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro kuchli qo‘rquv oqibatida yuzaga kelgan yurak yetishmovchiligi sababli hayotdan ko‘z yumgan.
Zilzila sodir bo‘lgan vaqtda marhum ko‘p qavatli binoda bo‘lgan. Diplomatik vakolatxona marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Bosh konsulxona Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida mamlakatda yashovchi boshqa o‘zbekistonliklar jabrlanmaganini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, 23-aprel kuni Istanbulda 6,2 magnitudali zilzila qayd etilgan bo‘lib, uning oqibatida shaharning 100 dan ortiq aholisi jabrlangan. Keyinchalik seysmologlar 5,9 magnitudali takroriy yer silkinishlarini ham aniqlagan.
Ma’lumot uchun, bundan oldin zilzila vaqtida 150 dan ortiq kishilar balandlikdan sakragani oqibatida jarohat olgani haqida xabar bergan edik.