Toshkentda sotilayotgan «Dubay shokoladi»da salomatlik uchun xavfli bakteriyalar aniqlandi

Toshkent shahridagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Fix Dessert Chocolatier brendi ostidagi «Dubay shokoladi» mahsulotida inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdiradigan bakteriyalar aniqlandi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, inspeksiya mutaxassislari tomonidan Ecobozorʼning Beruniy filialidagi savdo nuqtalarida realizatsiya qilinayotgan mazkur shokolad namunalar holatini oʻrganish maqsadida tanlab olinib, «OʻzTest» davlat muassasasining maxsus laboratoriyasiga topshirilgan.
Laboratoriya tekshiruvlari natijasiga koʻra quyidagi salbiy holatlar qayd etilgan:
- Mezofil aerob va fakultativ anaerob mikroorganizmlar (MAFAM) miqdorining me’yordan oshishi;
- Achitqi va zamburugʻlar darajasining yuqoriligi;
- Koli guruhi bakteriyalari (BGKP) va «Salmonella 25g» bakteriyasining mavjudligi – bu moddalar amaldagi sanitariya-me’yoriy hujjatlarda qat’iyan taqiqlangan.
Mutaxassislar bu turdagi koʻrsatkichlar inson salomatligi uchun katta xavf tugʻdirishini, ayniqsa, allergik reaksiyalar va oshqozon-ichak kasalliklariga sabab boʻlishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, mahsulotning tashqi koʻrinishi va tamgʻalash (markirovka) holati ham texnik reglament talablarga mos kelmasligi aniqlandi. Jumladan, «Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan xavfsizligi toʻgʻrisida»gi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari buzilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bozorlarda 22 million soʻmlik muddati oʻtgan mahsulotlar savdodan olingani haqida xabar berdi.