O‘zbekistonning to‘qqizta noyob daraxti xalqaro ro‘yxatga kiritildi

O‘zbekistonning yana to‘qqizta noyob daraxti «MonumentalTrees.com» xalqaro ro‘yxatiga nomzod sifatida kiritildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.

Nomzod daraxtlar orasida Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanidagi 100 yillik 5 ta qayrag‘och, Jizzax shahridagi 200 yillik tut, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250 – 300 yillik tut, Narpay tumanidagi 450 yillik va Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxtlari mavjud. Ushbu daraxtlar o‘zining uzoq yashash yoshi va biologik o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

Oldinroq ham bir nechta qadimiy daraxtlar – Jizzaxning Forish tumanidagi 1500 yillik sharq biotasi, Urgutdagi 1160 yillik chinor, Bo‘stonliqda joylashgan 1000 yillik archa, 800 yillik yong‘oq, 600 yillik chinorlar hamda Boysun, Shahrisabz va Zomin hududlaridagi qadimiy daraxtlar ushbu ro‘yxatga kiritilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bu borada Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari ichida esa Rossiya va Ozarbayjondan keyin uchinchi davlat bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orolbo‘yi hududiga 3 400 tup daraxt va buta ekilishi haqida yozgan edik.