O‘zbekiston va Rossiya Transafg‘on temir yo‘lini loyihalashtiradi

O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislari Transafg‘on temir yo‘lini loyihalashda ishtirok etadi, deb xabar berdi «TASS» Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi matbuot markaziga tayanib.
Yangi transport yo‘lagi Janubi-Sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlari, Xitoy va Yevropa o‘rtasida tranzit yo‘nalishlarini yaratadi. Transafg‘on temir yo‘li yuk tashish narxini 40 foizgacha kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, yangi yo‘nalish Shimol – Janub transport yo‘lagining bir qismiga aylanadi. Logistika loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekistonga yetakchi xabga aylanish imkonini beradi.
«Hisob-kitoblarga ko‘ra, Shimol – Janub yo‘nalishi Suvaysh kanali orqali o‘tadigan yo‘nalishdan 30 foizga arzonroq va 40 foizga qisqaroq», – deya ta’kidladi Savdo vakolatxonasi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘onistonda O‘zbekiston qurilish materiallari uchun savdo uyi ochilishi haqida xabar bergan edi.