Temir yo‘l transportida uch oyda uch millionga yaqin yo‘lovchi tashilgan

2025-yilning yanvar – mart oylarida temir yo‘l transportida 2,9 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 91,1 ming nafar yo‘lovchiga oshgan. Ma’lumot uchun, 2024 yilning yanvar – iyun oylarida temir yo‘l transportida 4,9 mln.dan ortiq yo‘lovchilar jo‘natilgan.
Shuningdek, 2025-yilning yanvar – mart oylarida temir yo‘l transportida bir kunda o‘rtacha 31,9 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan. Bu ko‘rsatkich esa 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 ming nafarga oshgan.
Shu bilan birga, o‘tgan uch oyda respublika bo‘yicha umumiy foydalanishdagi magistral temir yo‘l transporti orqali 27 mln tonna asosiy turdagi yuklar tashilgan. Yuk tashish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 0,8 mln tonnaga yoki 3,0 foizga oshgani kuzatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Xiva yo‘nalishida zamonaviy vagonlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.