AQSh Hindiston va Pokistonni «mas’uliyatli yechim» topishga chaqirdi

AQSH Davlat departamenti Hindiston va Pokiston o‘rtasida Kashmirdagi so‘nggi hujumdan keyin yuzaga kelgan keskinlik fonida har ikki davlatni «mas’uliyat bilan» hal qilishga chaqirayotganini bildirdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Hindiston 22-aprel kuni Kashmirda sodir bo‘lgan va 20 dan ziyod odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun Pokistonni aybladi. Pokiston esa bu ayblovni rad etdi.
AQSH Hindistonga ochiq hamdardlik bildirib, terrorchilik hujumini qoraladi, biroq Pokistonga nisbatan tanqid bildirmadi. Ekspertlar fikricha, Hindiston hozirda AQSH uchun mintaqadagi asosiy hamkorlardan biriga aylangan, Pokiston esa avvalgidek ustuvor ahamiyatga ega emas.
Kashmir hududi bo‘yicha azaldan nizolar mavjud bo‘lib, hozirgi vaziyatda har ikki tomon sanksiyalar joriy qildi. Pokiston Hindiston aviakompaniyalari uchun havo makonini yopdi, Hindiston esa suv taqsimoti bo‘yicha shartnomani bekor qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Pokiston bilan kelishuvni buzib, Hind daryosi oqimini to‘xtatgani haqida yozgan edik.