«Ota-onalarni xotirlash» kuni munosabati bilan qo‘shimcha avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi

29-aprel kuni pravoslav xristianlarning «Ota-onalarni xotirlash» kuni munosabati bilan qo‘shimcha avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar bermoqda.
Aholi transport ehtiyojini qondirish va yo‘lovchi tashishni uzluksiz ta’minlash maqsadida vaqtincha bir kunlik avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.
Tashkil qilinadigan vaqtincha yo‘nalishlar:
- K-1 yo‘nalishi: «Buyuk Ipak Yo‘li metrosi, M.Yusuf (Dog‘iston) ko‘chasi – 3-sonli qabriston (O‘rtasaroy)». Ushbu yo‘nalishda 5 ta «MAN» rusumli turistik avtobuslar harakatlanadi.
- K-2 yo‘nalishi: «Qo‘yliq dehqon bozori – 3-sonli qabriston (O‘rtasaroy)». Bu yo‘nalishda esa 4 ta «MAN» rusumli turistik avtobuslar xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, 29-aprel kuni 1, 14, 16, 21, 30, 80, 96, shu bilan birga, 17t va 98-sonli avtobuslar qatnovi ko‘paytiriladi.
Vaqtincha tashkil etilgan yo‘nalishlarda harakatlanish pullik bo‘lib, yo‘l haqi 5000 so‘mni tashkil etadi. Avtobuslar ertalab soat 7:00 dan kechki 18:00 gacha qatnaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jizzax shahrida jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash maqsadida «Oybek supertrans» MCHJ tomonidan 22 dona Zong Tong rusumli zamonaviy avtobuslar olib kelingani haqida yozgan edi.