Yangi o‘quv yilidan pedagogika yo‘nalishida sirtqi ta’limga qabul bo‘lmaydi

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida amalga oshiriladi. Sirtqi ta’lim shakliga qabul bekor qilinadi.
Shuningdek, oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini litsenziyalash endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Yangi o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislar jalb etilgan xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilingan yo‘nalishlarda professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarga yo‘naltirilgan «Gospital pedagogika» yo‘nalishida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq «Kursiv» Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilishi haqida yozgandi.