Senat banklarni bankrotlik xavfidan qutqarish bo‘yicha qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senati «Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida» qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu qonun bilan banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi, sanatsiya qilishning maqsadlari va prinsiplari belgilanadi.
Shuningdek, sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari, banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi ham kiritiladi.
Jumladan, hozirda qonunchilikda banklarni sanatsiya qilish tizimi mavjud emas. To‘lovga qobiliyatsiz banklar «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonun asosida majburiy tugatib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun, sanatsiya – yirik banklardan birortasi to‘lovga qobiliyatsiz holatga tushib qolsa, muammoni minimal zarar bilan hal qilish, bunda davlat mablag‘larini ishlatmaslikni ko‘zda tutadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tijorat banklarining mikroqarz va kredit kartalari bo‘yicha faoliyatiga talab kuchaytirilgani haqida yozgandi.