«Barselona» va «Inter» 3:3: gollar jangi, Dumfrisdan dubl va Yamalning rekordi

1-may 2025 10:23 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir
Svyatoslav Polyakov

Svyatoslav Polyakov

Direktor o'rinbosari s.poliakov@kursiv.uz
Barselona va Inter
«Barselona» va «Inter» 3:3 / Foto: FCB ning rasmiy X sahifasi

UEFA Chempionlar ligasi yarim finalining dastlabki uchrashuvi «Barselona» va «Inter» jamoalari o‘rtasida gollar jangi bilan durang yakunlandi. «Olimpik Lui Kompanis» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda har ikki jamoa uchtadan gol kiritdi – 3:3.

Garchi kataloniyaliklar to‘liq ustunlik qilgan bo‘lsa-da, g‘alabani ushlab qola olmadi. Javob uchrashuvi 6-may kuni Milanda bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv tafsilotlari

Birinchi daqiqadayoq «Barselona» hisobda ortda qoldi – Markus Tyuram o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni tovon bilan darvozaga yo‘lladi.

21-daqiqada esa Denzel Dumfris «Inter» hisobini ikki barobar oshirdi – Acherbining uzatmasidan so‘ng u akrobatik zarba bilan gol urdi.

Ammo Flikning shogirdlari tezda o‘ziga keldi. 100-o‘yinini nishonlayotgan Lamin Yamal yakka harakatdan so‘ng uzoq burchakka gol urdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Rafinya hujumni boshlab berdi. Ferran Torresga pas uzatdi, natijada hisob tenglashdi.

Ikkinchi bo‘limda Dumfris yana bir bor sahnaga chiqdi, bu safar burchak to‘pidan keyin gol urdi. Ammo bu ham oxirgi gol bo‘lmadi: Rafinyaning uzoqdan yo‘llagan to‘pi Sommerga tegib darvozaga kirdi, hisob – 3:3.

To‘liq ustunlik, ammo…

«Barselona» to‘pni 72% vaqt nazorat qildi. Bu jami 683 ta pas amalga oshirdi (bu «Inter»dan deyarli 3 baravar ko‘p – 271 pas). Pas aniqligi ham yuqori bo‘ldi – 90% («Inter»da 75%).

«Barselona» raqib darvozasiga 19 marta zarba berib, shundan 9 tasi aniq zarba bo‘ldi. «Inter»da esa 7 ta zarbadan faqat 3 tasi aniq chiqdi.

Qoidabuzarliklar soni deyarli teng – «Barselona» 10 marta, «Inter» 11 marta qoidani buzdi. Har ikki jamoa bittadan sariq kartochka oldi.

Qizig‘i, «Barselona» safida ofsayd qayd etilmadi, «Inter» esa 5 marta ofsaydda qolib ketdi. Burchak to‘plarida ham ustunlik kataloniyaliklar tomonida – 7 ga 2.

Keyingi o‘yin

Javob o‘yini 6-may kuni Milandagi «San-Siro» stadionida bo‘lib o‘tadi. Har ikki jamoa finalga chiqish uchun teng imkoniyatga ega. G‘olib «PSJ» – «Arsenal» juftligidagi g‘olib bilan finalda to‘qnashadi.

Shuningdek