Urganchdagi Al-Xorazmiy shaharchasiga 22 metrlik Xorazmiy haykali o‘rnatiladi

Xorazmdagi 130 gektar maydonda barpo etilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasida Xorazmiy monumenti o‘rnatiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
2022-yil avgust oyida ushbu shaharcha qurilishi poydevoriga tamal toshi qo‘ygandi. O‘tgan yillarda shaharchada 1,7 mingta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan.
Joriy yilda yana mingta xonadondan iborat 28 ta turarjoy qurilishi rejalashtirilmoqda. Natijada hududdagi xonadonlar soni 5 mingdan ortiq bo‘ladi.
Bu shaharcha hududi 130 gektardan ziyod bo‘lib, Urganch xalqaro aeroporti yaqinida qurilmoqda.
«Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi», – dedi davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, ushbu haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismiga o‘rnatilib, uning balandligi 22 metr, poydevori bilan esa 30 metrga boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet tashkil etilayotgani haqida xabar bergandi.