94 yoshli Uorren Baffet Berkshire Hathaway boshqaruvini Greg Abelga topshirmoqda

Dunyoning eng mashhur va hurmatga sazovor investorlaridan biri bo‘lgan Uorren Baffet 2025-yil oxirida Berkshire Hathaway kompaniyasining bosh direktori lavozimidan ketishni va kompaniya boshqaruvini vitse-prezident Greg Abelga topshirishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Baffetning 60 yillik rahbarlik davri kompaniyani matolar sanoatidan $1,16 trlnlik konglomeratga aylantirdi. Uning o‘ziga xos yondashuvi va investitsiyalardagi muvaffaqiyatlari uni dunyoning eng tanilgan investorlaridan biriga aylantirdi.
Baffet 94 yoshga to‘lganida «Menimcha, vaqt keldi, Greg kompaniya bosh direktori bo‘lishi kerak», deb izoh berdi. Biroq u hali ham Berkshire’ning faoliyatida ishtirok etishni davom ettirishi va ba’zi hollarda foydali bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. 62 yoshli Greg Abel 2018-yildan beri vitse-prezident sifatida faoliyat yuritib keladi va 2021-yilda Baffet tomonidan uning o‘rniga bosh direktor sifatida tayinlangan. Abel kompaniyadagi o‘z o‘rnini izchil saqlab qolish bilan birga, yangi yondashuvlar bilan Berkshire’ning madaniyatini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Baffetning bu qarori Berkshire Hathaway uchun yangi bir davrni boshlaydi. Abel boshqaruvni qo‘lga olganidan so‘ng kompaniya kelajagi qanday o‘zgarishi va u qanday muvaffaqiyatlarga erishishi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Baffetning boshqaruvi ostida kompaniyaning aksiyalar narxi 5,502,284% ga oshgan bo‘lsa, endi Abel bu muvaffaqiyatni davom ettirish uchun yangi strategiyalarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Baffet o‘zining boyligini asosan Berkshire aksiyalariga sarmoya qilib qo‘ygan va ularning aksariyatini vafotidan keyin xayriya ishlariga bag‘ishlashni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda investorlar uchun «oltin viza» joriy etilgani haqida yozgan edik.