Chevrolet Cobalt avtomobilining tarixi: Amerikadan O‘zbekistongacha

5-may 2025 17:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir
Chevrolet Cobalt
Foto: UzAuto Motors

Chevrolet Cobalt avtomobili O‘zbekiston uchun hamyonbop sedan hisoblanadi. Uning milliy bozorga kirib kelish yo‘li va ilk ko‘rinishi barchamiz uchun qiziq. Kursiv Uzbekistan nashri avtomobilning tarixi haqida maqola tayyorladi.

Bu maqoladan nimalarni bilib olasiz?

Cobalt tarixi, dizayni va ilk ishlab chiqarilishi

Foto: Autoevolution

2004-yilda Chevrolet kompaniyasi AQSh bozorida yangi Cobalt modelini taqdim etgan. Bu avtomobil 2005-yilgi model sifatida savdoga chiqarilgan.

U GM’ning Delta platformasida ishlab chiqilgan bo‘lib, Chevrolet Cavalier va Geo Prizm modellarining o‘rnini egalladi. Cobalt sedan va kupe ko‘rinishlarida taqdim etilgan.

Foto: Autoevolution

Asosiy dvigateli 2.2 litrli Ecotec I4 bo‘lsa, sportbop SS modellari 2.4L va 2.0L superchargerli dvigatellar bilan jihozlangan.

Yosh haydovchilar va tejamkor mashina izlovchilar uchun mo‘ljallangan Cobalt ba’zi bozorlarda Pontiac G5 nomi bilan ham sotilgan.

Model AQShda 2010-yilgacha ishlab chiqarildi va uning o‘rnini Chevrolet Cruze egallagan.

Model global bozorda

Foto: Autoevolution

2011-yilda Chevrolet Cobalt global bozorlarga mo‘ljallangan yangi avlod sifatida Braziliyada taqdim etildi. Bu model avvalgi AQSh versiyasidan farqli o‘laroq, GM’ning Janubiy Amerika bozoriga moslashtirilgan B-platformasida ishlab chiqilgan.

Yangi Cobalt dastlab Braziliya bozoriga chiqarilgan bo‘lib, u yerda Chevrolet Astra o‘rnini egalladi. Keyinchalik model Argentinadan tortib Rossiyagacha bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarga eksport qilindi.

Avtomobil faqat sedan kuzovida ishlab chiqarilib, 1.5L yoki 1.8L benzinli dvigatellar bilan jihozlandi. Uzatmalar qutisi sifatida avtomatik va mexanik variantlar taklif etildi. Mashina o‘zining tejamkorligi, ishonchliligi va ehtiyot qismlarining qulayligi sababli keng ommalashdi.

Bugungi kunga kelib, Chevrolet Cobalt ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda budjetli sedan sifatida yuqori talabga ega bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston sari yo‘l: Milliy bozorga kelib kelishi

Foto: UzAuto Motors

Chevrolet Cobalt O‘zbekiston bozoriga ilk bor 2016-yilda Ravon R4 nomi ostida taqdim etilgan. Bu model global versiyaga asoslangan bo‘lib, GM Braziliya tomonidan ishlab chiqilgan Cobalt platformasi asosida ishlab chiqarilgan.

Ravon brendi ostida sotilgan bu mashina qisqa vaqt ichida arzon narxi, tejamkorligi va xizmat ko‘rsatishdagi qulayligi sababli xaridorlar orasida ommalashdi. Asosan 1.5 litrli benzin dvigateli, mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisi bilan taqdim etildi.

Foto: UzAuto Motors

2019-yilda Ravon brendi tugatilib, avtomobil yana Chevrolet Cobalt nomi bilan ishlab chiqarila boshlandi. Bu davrda dizayni biroz yangilandi, xavfsizlik tizimlari takomillashtirildi va model UzAuto Motors korxonalarida yig‘ila boshladi.

Bugungi kunda Chevrolet Cobalt O‘zbekistonning eng ko‘p sotiladigan avtomobillaridan biri hisoblanadi. Taksi xizmatlaridan tortib oddiy haydovchilargacha, ko‘plab xaridorlar uni ishonchli va iqtisodiy transport vositasi sifatida tanlaydi. Avvalroq Chevrolet Gentra va Cobalt yordamida pul topish yo‘llari haqida yozgan edik.

O‘zbekistonda Cobalt savdosi: birlamchi va ikkilamchi bozorni taqqoslaymiz

Foto: UzAuto Motors

Cobalt avtomobili birlamchi bozorda shu yilning yanvar – mart oylarida 29 mingta sotilgan. O‘tgan 2024-yilda esa 127,2 mingta yangi avtomobil o‘z egalariga topshirilgan. Modelning yangi versiyasi 147 mln so‘mdan boshlanadi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – mart oylarida ikkilamchi bozorda Cobalt avtomobilining o‘rtacha foydalanilgani $339 ga ($12,3 mingdan $12 mingga), ko‘p foydalanilgani $100 ga ($11,6 mingdan $11,5 mingga), kam foydalanilgani $70 ga ($12,75 mingdan $12,68 mingga) pasaygan.

Modelning ikkilamchi bozordagi narxi foydalanilgan holatiga qarab farq qiladi. 2025-yilda ishlab chiqarilgan, yangi avtomobilni 168 million so‘mga xarid qilish mumkin. (Avtoe’lon)

Cobalt avtomobilining texnik xususiyatlari

Ko‘rsatkichMa’lumot
ModelChevrolet Cobalt
Ishlab chiqaruvchiUzAuto Motors (GM Global Cobalt)
Kuzov turi4 eshikli sedan
Dvigatel turi1.5L benzin, 4 silindrli DOHC
Quvvat~106 ot kuchi (79 kVt)
Aylanish momenti134 Nm
Uzatmalar qutisi5 bosqichli mexanik / 6 bosqichli avtomat
Yoqilg‘i turiAI-92 benzin
O‘rtacha yoqilg‘i sarfi6,7 – 8,0 l/100 km
Tank hajmi46 litr
Uzunligi4 488 mm
Kengligi1 735 mm
Balandligi1 514 mm
G‘ildirak bazasi2 620 mm
Bagaj hajmi563 litr
Yuk ko‘tarish og‘irligi~430–450 kg
Tormoz tizimiOld — disk, Orqa — baraban
Xavfsizlik2 ta frontal havo yostig‘i, ABS, ISOFIX

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Gentra va Cobalt yordamida pul topish yo‘llari va Spark’ning ilk ko‘rinishi haqida yozgan edi.

Shuningdek