
Xitoylik elektromobil ishlab chiqaruvchi Nio o‘zining Nio ET5 2025 sedan modelini rasman namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Yangi avlod avtomobil dizayni, apparat ta’minoti va interyer jihatlaridagi yangilanishlar bilan ajralib turadi. Old qismida bumerang shaklidagi avvalgi kunduzgi chiroqlar o‘rniga endi parallelogramm shaklidagi, LED matritsa chiroqlar o‘rnatilgan. Orqa qismda esa yorug‘lik paneli va kichik lab shaklidagi spoyler avtomobil ko‘rinishiga sport uslubini qo‘shgan.




Modelning eng asosiy yangiligi avtonom haydash tizimidir. U Nio tomonidan ishlab chiqilgan 5nm texnologiyadagi NX9031 chipi yordamida boshqariladi. Ushbu yangi protsessor sensorlar va kameralar orqali kelayotgan ma’lumotlarni tez va aniq qayta ishlash imkonini beradi. Ichki qismlar hozircha to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, kompaniya ET5, ET5T, ES6 va EC6 modellari flagman ET9’dagi kabi gorizontal ekran dizayniga ega bo‘lishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, avtomobil Nio ishlab chiqargan Sky OS operatsion tizimining to‘liq quvvatli versiyasi bilan ta’minlanadi.
Ichki interfeysning yana bir yangiligi sifatida avtomobilning ovozli yordamchisi NOMI yanada rivojlantirilgan. Ovozli boshqaruv va foydalanuvchi bilan muloqotni yanada tabiiy va interaktiv qilgan. Markaziy konsol ham qayta ko‘rib chiqilib, ikkita simsiz zaryadlash maydonchasi va qo‘shimcha saqlash joylari qo‘shilgan. Bu kichik o‘zgarishlar kundalik qulaylikni oshirishga xizmat qiladi.




Texnik xususiyatlar avvalgi model bilan bir xil bo‘lib qoladi. 360 kVt quvvatga ega ikki motorli to‘liq g‘ildirakli haydovchi tizimi, 75 kVt/soat (560 km masofa) va 100 kVt/soat (710 km masofa) quvvatli batareya variantlari, shuningdek, 180 kVt tezkor zaryadlash imkoniyati va Nio’ning batareya almashish stansiyalarini qo‘llab-quvvatlash tizimi saqlanib qolgan.
«Champion Edition» oy oxirida chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yangilangan ET5 Touring bilan bir vaqtda taqdim etiladi. ET5 modelining asosiy raqobatchilari sifatida Xiaomi SU7 va BYD Han L ko‘rilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nio Firefly elektromobili 420 km yurish masofasi bilan taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.