Binance asoschisi Japarovning maslahatchisi bo‘ldi

Eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance asoschisi Changpeng Chjao Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov maslahatchisi bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘izizston respublikasi rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Changpeng Chjao 3-4-may kunlari Qirg‘izistonda bo‘ldi. U mamlakat prezidenti bilan uchrashgan. Tadbirkor Qirg‘iziston Respublikasi virtual aktivlarini rivojlantirish milliy kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etgan.
Tomonlar raqamli so‘m, transchegaraviy to‘lovlar uchun stablekoinni ishga tushirish va kriptovalyuta zaxirasini yaratish masalalarini muhokama qilishgan. Changpeng Chjao Qirg‘izistonga blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda yordam berishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Binance rasman O‘zbekistonda ishga tushgani haqida yozgan edi.