Prezident Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi

eʼlon qilindi
G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan ham
Prezident Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan xalqimizga samimiy tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida urushda jonini fido qilgan ajdodlarimizni yodga olib, ularning qahramonligi, matonati va xalqimizning insonparvarlik fazilatlarini alohida ta’kidladi. Bugungi tinch hayot uchun fidokorona kurashganlar oldida doimo qarzdor ekanligimizni uqtirdi.

«Keyingi yillarda jonkuyar olim va mutaxassislarimizning ilmiy izlanishlari tufayli Ikkinchi jahon urushi tarixining yangi sahifalari bilan tanishmoqdamiz.

Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ziyodi uchala darajadagi «Slava» ordeniga sazovor bo‘lgani, hech shubhasiz, yurtimiz vakillari tomonidan urush maydonlarida ko‘rsatilgan jasorat va matonatning yuksak amaliy e’tirofidir, – deyiladi tabrikda.

Yana ta’kidlandiki, ushbu kunda faxriylar ehtirom bilan qadrlanib, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilmoqda. «G‘alaba bog‘i», «Millat fidoyilari majmuasi» kabi muqaddas maskanlar esa tarixiy xotirani avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezident xalqimizga sihat-salomatlik, osoyishtalik va farovonlik tilab, milliy birlik, tinchlik va barqarorlikni asrash yo‘lida birdamlikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev «Millat fidoyilari» xiyobonida bo‘lgan edi.

Shuningdek