Nega Xitoy avtomobillariga cheklovlar joriy qilinmoqda

Buyuk Britaniyada Xitoy ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun yangi xavfsizlik choralari joriy etildi. Bu haqda Electrive nashri xabar bermoqda.
Mazkur cheklovlarga ko‘ra, MG va BYD kabi Xitoy brendlariga mansub elektromobillarni mudofaa sanoati obyektlariga 3,6 km masofadan yaqin joylarda to‘xtatib qo‘yish va ular orqali telefonlarni zaryad qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, Bluetooth orqali aloqa o‘rnatish ham man qilindi. Bu chora-tadbirlar Birlashgan Qirollikning BAE Systems, Rolls-Royce, Raytheon, Lockheed Martin va Thales kabi kompaniyalarida joriy etilgan.
Hukumatning xavotiri ushbu avtomobillar orqali maxfiy ma’lumotlar, jumladan, geolokatsiya va obyektlar haqidagi ma’lumotlarning uzatilishidir. Shu sababli, yangi xavfsizlik choralari kiritildi.
2025-yilning birinchi choragida mamlakatga 54 mingdan ortiq Xitoy avtomobillari import qilindi, bu esa bozorning 5 foizini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda 2025-yilning birinchi choragida eng sifatli elektr transport vositalari ro‘yxati e’lon qilingani haqida yozgan edi.