HeadHunter: o‘zbekistonliklar ish va shaxsiy hayotni qanday uyg‘unlashtiryapti

O‘zbekistonda borgan sari odamlar ko‘proq klassik work-life balance (ish-hayot muvozanati) modelidan voz kechib, uning o‘rniga yanada moslashuvchan – work-life blend (ish-hayot uyg‘unligi) yondashuvini tanlamoqda. Bu haqda HeadHunter tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari «Kursiv» nashriga ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, so‘rovnoma qatnashchilari javoblarida kunni quyidagicha taqsimlagan:
- 50% – bir vazifadan boshqa vazifaga o‘tish, natija muhim;
- 20% – ishni faqat ish vaqtida olib borish;
- 19% – ish shaxsiy hayotga aralashishi;
- 10% – ish va hayot aralashib ketishi, lekin bu xalaqit qilmaydi;
- 1% – boshqa variantlar.
Qatnashchilarning faqat uchdan bir qismi aniq jadvalga amal qiladi, qolganlar ish va hayotni moslashtirib olib borishni afzal ko‘rgan.
Shuningdek, respondentlarning 63 foizi ish vaqtida shaxsiy masalalarni hal qilishni maqbul deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun, Work-life blend – bu 24/7 ishlash yoki tartibsizlik emas. Bu yondashuvda ish va shaxsiy hayot bir-biriga zid qo‘yilmaydi, balki tabiiy ravishda uyg‘unlashadi. Masalan, ertalab sport bilan shug‘ullanish, kunduzgi ish vazifalari, so‘ng ro‘zg‘or ishlari yoki shifokorga borish, kechqurun esa mijoz bilan uchrashuv – bularning barchasi bir kunning bir butun tarkibiy qismidir.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda kuryerlarga qariyb 9 mln so‘m maosh taklif qilinayotgani haqida yozgandi.