Zilzilaga chidamli uylar qurish va seysmik xavfsizlikni oshirishga e’tibor qaratiladi

Shavkat Mirziyoyev seysmik xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakatda 2017-yildan buyon 11 ming 410 ta ko‘p qavatli uylar qurilib, aholi turarjoy bilan ta’minlanmoqda. Bunday bunyodkorlikda seysmologiya sohasi ham rivojlanmoqda, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikda innovatsion texnologiyalar tatbiq etilmoqda.
Toshkentda 1966-yilda sodir bo‘lgan zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida BMT tomonidan 29-aprel Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilindi. Shuningdek, zilzilaga chidamli uylar qurish va seysmik xavfsizlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Davlat loyiha institutlari mutaxassislari tomonidan o‘rganishlar olib borilib, natijalar asosida binolarni mustahkamlash va zilzilaga bardoshli qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Xorijiy tajribalar asosida yangi amaliyotlar joriy qilinadi, texnik tekshiruvlar o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda 231 ta ko‘prikni qurish hamda ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi haqida yozgan edik.